Oʻquv - seminar tashkil etildi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligida maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va xodimlar huquqiy savodxonligini oshirish, soha faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni toʻgʻri taʼminlash, davlat va jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga qaratilgan oʻquv-seminari tashkil etildi.
Videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtgan tadbirda Respublika Bosh prokuraturasi, vazirlik hamda uning hududiy boʻlinmalari masʼul xodimlari, yetti minga yaqin davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari ishtirok etdi.
Seminar doirasida Hukumatning 2019-yil 25-apreldagi “Maktabgacha hamda umumtaʼlim tashkilotlari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati, undagi huquqiy normalarni amalda qoʻllay olish boʻyicha mutaxassislar fikr-mulohazalari bildirib oʻtildi.
Qayd etilganidek, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tekshirishga davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik hujjatlari bilan vakolat berilgan vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy boʻlinmalari haqlidir. Bunda rejali tekshirish ishlari ushbu masʼul tashkilotlar bilan kelishgan holda tasdiqlangan tekshirishlar reja-jadvaliga asosan oʻtkaziladi.
Ushbu qarorga asosan, mazkur vakolatli organlar maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini tekshirish jarayonida ushbu huquqni beruvchi zarur hujjatlarni taqdim etishi, bogʻchalardagi taʼlim-tarbiya jarayonlariga xalaqit bermasliklari shart.
Yigʻilishda maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatida korrupsion holatlarni oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni toʻgʻri taʼminlash boʻyicha mutaxassislarning tavsiyalari eshitildi.
“Maktabgacha taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy savodxonlik oyligi” doirasida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar hamda boshqa masʼul vazirlik va tashkilotlar masʼul xodimlari ishtirokida ham tashkil etilishi belgilangan.