Toshkent shahar Yunusobod tuman 53-son umumta'lim maktabi
Поступить в школу

Axborot texnologiyalari sohasidagi vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni soha va hududlarda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

So‘nggi uch yilda axborot texnologiyalari sohasiga katta e’tibor qaratilgani o‘z natijasini beryapti. O‘tgan yili IT-park rezidentlari 5 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatgan, 140 million dollarlik xizmatlarni eksport qilgan.
Mavjud 715 ta davlat xizmatidan 370 tasi raqamli platformaga o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan o‘tgan yili 12 million aholi foydalangan. Raqamlashtirish natijasida 70 dan ortiq turdagi ma’lumot va hujjatlarni aholidan talab qilish bekor bo‘lgan.
Axborot texnologiyalari sohasida mahsulotning ham, eksportning ham asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayapti. Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida IT-parklar haligacha qurib bitkazilmagan.
Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbari bu boradagi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Avvalo, Toshkent shahrida sinovdan o‘tgan loyihalar barcha viloyatlarda joriy qilinishi belgilandi. Xususan, poytaxtimizda Raqamli geoportal, Raqamli uy-joy kommunal, Xalq nazorati kabi tizimlar ishga tushirilgan edi. Shahar hokimligida Raqamli rivojlanish departamenti tuzilgan edi. Endi ushbu departament Raqamli texnologiyalar vazirligiga o‘tkazilib, mamlakatimizning barcha hududlarida raqamlashtirishga mas’ul bo‘lishi qayd etildi.
Birgina misol: oldin maktab o‘quvchilarining yagona bazasi bo‘lmagani sababli maktablarda sinflar miqdori turlicha bo‘lgan. O‘tgan yili sentyabrda maktab, bog‘cha, FHDYO va ichki ishlar organlarining ma’lumotlari uyg‘unlashtirilgani natijasida asossiz ochilgan 4 mingta sinf qisqartirilgan va 350 milliard so‘m byudjet mablag‘i tejab qolingan.
Davlatimiz rahbari bunday ishlarni boshqa sohalarda ham amalga oshirish mumkinligini ta’kidladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu maqsadlar uchun mablag‘ ajratish, shuningdek, raqamlashtirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘larning yarmini vazirlik va hokimliklarning o‘zida qoldirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
– Raqamlashtirishdan maqsad-muddaomiz nima o‘zi? Odamlarni rozi qilish, inson qadrini joyiga qo‘yish, adolatni ta’minlash, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident yoshlarni axborot texnologiyalariga o‘qitish, ishlashiga sharoit va mahsuloti uchun bozor yaratish zarurligini ta’kidladi.
“Elektron hukumat”, “Biznes uchun dastur”
So‘nggi ikki yilda yurtimizda 215 ta IT-ta’lim markazlari ochilgan. Bunday muassasalarni va ularning bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy imtiyozlar berilishi aytildi. Jumladan, eksportchi kompaniyalarga ishga joylashgan har bir mutaxassis uchun 25 million so‘mgacha, imkoniyati cheklangan yoshlarga esa 35 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. IT-sertifikati bor yoshlarga kompyuter xaridi uchun imtiyozli kredit ularning shaxsiy plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.
“Bir million dasturchi” loyihasi ham o‘z samarasini berdi. Hozirda IT-parklar mutaxassislarining ko‘pchiligi shu dasturni tamomlagan yoshlar hisoblanadi.
Endi yoshlarni “Coursera” platformasi orqali o‘qitish ham kengaytiriladi. Ular orasidan eng iqtidorlilari tanlab olinib, alohida dastur asosida xalqaro IT-bozor uchun tayyorlanadi.
Davlatimiz rahbari buning uchun xorijiy buyurtmalarni jalb qilishga qo‘shimcha sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi. Shu bois IT-parkda xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli moliya texnologiyalari markazi tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborot va takliflari eshitildi.

Смотреть все